16-07-2025 12:21
“Yangi odamlar” fraksiyasi rahbari Aleksey Nechayev, fraksiya rahbari o‘rinbosari Sardana Avksenteva va deputat Vladimir Plyakin Markaziy bank rahbari Elvira Nabiullinaga migrantlarning rasmiy maoshidan ortiq mablag‘ni chet elga o‘tkazishini taqiqlash taklifi bilan xat yo‘lladi. TASSda hujjatning nusxasi bor.
Deputatlarning fikricha, amaldagi qonunchilikda migrantlar tomonidan o‘tkazilgan mablag‘lar ularning rasmiy daromadlariga mos kelishini nazorat qilishning samarali mexanizmlari ko‘zda tutilmagan. Bu noqonuniy daromadlarni qonuniylashtirish, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, kapitalni Rossiya Federatsiyasidan tashqariga olib chiqish uchun sharoit yaratadi, bu esa mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy xavfsizligiga salbiy ta’sir qiladi, deb hisoblaydi parlament a’zolari.
“Moliyaviy operatsiyalarning shaffofligini oshirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, soliq tushumlarini ko‘paytirish va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida migrantlarning rasman tasdiqlangan ish haqidan ortiq miqdorda xalqaro pul o‘tkazmalarini amalga oshirishiga taqiq joriy etish zarur, deb hisoblaymiz”, deyiladi hujjatda.
Bundan tashqari, deputatlar o‘zlarining rasmiy ish haqi darajasidan ortiq mablag‘ni xorijga o‘tkazishga urinishda qonuniy daromadlarini tasdiqlovchi deklaratsiya taqdim etish talablarini belgilash, shuningdek, migrantlarning moliyaviy operatsiyalari ustidan nazoratni kuchaytirish hamda shubhali operatsiyalarni aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha kredit tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishni taklif qilishmoqda, deb xabar beradi tass.ru.