Bosh prokuraturaning kuni kecha bergan bayonotida 26 oktyabr kuni Qibray tumanida fuqaro S.S. boshqaruvidagi “Range Rover” rusumli avtomashinaga qarata 2 nafar noma’lum shaxs o‘qotar quroldan bir necha marotaba o‘q uzib, qasddan odam o‘ldirishga suiiqasd qilib, noma’lum tomonga yashiringani aytilgan edi. Bugun prokuratura mazkur holat yuzasidan yangi bayonotni e’lon qildi.
Bayonotda aytilishicha, ushbu voqea bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248 (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Bosh prokuratura, Toshkent viloyati, Toshkent shahar, Harbiy, Transport prokuraturalari hamda IIV, viloyat, Toshkent shahar IIBB, Bojxona qo‘mitasi xodimlaridan iborat tarkibda tergov-tezkor guruhi tuzilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, o‘tkazilgan tergov va tezkor qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslarning bir nafari aniqlanib, gumonlanuvchi tariqasida ushlangan.
"Hozircha tergov harakatlari davom etmoqda", — deyiladi bayonotda.