Piyoda yurish — eng oson va qulay mashg‘ulot bo‘lib, barcha yoshdagi insonlar uchun tavsiya etiladi. U nafaqat jismoniy salomatlikka, balki ruhiy holatga ham ijobiy
ta’sir etadi.
Xo‘sh, uning yana qanday foydali jihatlari bor? Piyoda yurishning afzalliklari haqida nimalarni bilish kerak?
Gap shundaki, inson o‘zini har tomonlama sog‘lom his qilishi va tashqi ko‘rinishining ko‘rkam bo‘lishida piyoda yurishning ahamiyati katta. Sababi yayov yurilganda gavdaning barcha muskullari harakatga keladi. Qolaversa, bu mashg‘ulot ichki organlar faoliyatiga ham ijobiy ta’sir etadi.
Natijada organizmda moddalar almashinuvi yaxshilanib, yurak tomirlari, shuningdek nafas va asab tizimi mustahkamlanadi. Ertalab ishga ketadigan payt piyoda yurish ham juda foydali. Bu vaqtda inson kechasi uxlab, dam olgani sababidan to‘xtamay 30-40 daqiqa bemalol yayov keza oladi.
Ishxonadan charchab chiqqaningizdan keyin ham imkon bo‘lsa, avtobus yoki avtomashinaga chiqishga shoshilmang. Yo‘lning bir qismini piyoda bosing. Chunki faol harakat qilish odamni tinchlantiradi, kishining charchog‘ini oladi.
Shuningdek:
Bir kunda 4 marotaba 10 daqiqadan piyoda yurishni odat qilsangiz, qon bosimingiz me’yorda bo‘ladi.
Tez-tez qadamlar bilan kuniga 120 odim tashlasangiz, 15 daqiqada 100 kkal.dan xalos bo‘lasiz. Mana, sizga ozishning arzon va qulay usuli!
Asabiy ish kunining “yuk”laridan xalos bo‘lmoqchimisiz? Unda har kuni 20 daqiqa piyoda yuring. Natija sizni albatta xursand qiladi.
Chekishni tashlashni istaganlar ham xumor tutganda 20 daqiqa piyoda yursalar, bu xohish ayni shu daqiqalarda o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.
Piyoda yurish o‘t pufagi hamda ichaklarning to‘lqinli harakatlari oshishi tufayli o‘t qopida tosh paydo bo‘lishi va qabziyatning oldini oladi.
O‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, doimiy piyoda yurgan insonlar shamollashni tezroq yengib o‘tadi. Chunki u immunitetni mustahkamlaydi. Shu bois ayni kunlarda piyoda sayr qilishga odatlaning!
Tahlillarga qaraganda, har kuni 1 soat davomida piyoda sayr qilgan kishilar yurak xastaliklariga kamroq duchor bo‘ladi. U yurak-qon tomirlar tizimi – vegitativ asab tizimining holatiga ta’siri orqali qon bosimini kamaytiradi, yurak faoliyatini yaxshilaydi.
Bir so‘z bilan aytganda piyoda sayr qilishni odatga aylantirish vujudimizdagi ko‘plab muammolarga yechim bo‘ladi.