“Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-162-son, 17.10.2024-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati tugatilib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tashkil etildi.
Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi Agentlikka o‘tkazilib uning negizida Migratsiya jamg‘armasi tashkil etiladi.
Agentlik tashqi mehnat migratsiyasi sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi, davlat organlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va mazkur sohada davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
2025-yil 1-yanvardan:
Agentlikka xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tekshirish bilan bog‘liq nazorat tadbirlarini o‘tkazishga ruxsat etiladi;
Agentlik zimmasiga u tomonidan o‘tkazilgan har qanday tekshirish natijasi bo‘yicha tuzilgan bayonnomalar, aniqlangan qonun buzilishi holatlari soni va xususiyati haqidagi ma’lumotlarni majburiy tartibda 5 kunda “Xorijda ish” elektron dasturiga joylashtirib borish majburiyati yuklanadi.