07-11-2025 09:01

Layma Vladson va Aleksandra Barmicheva O‘zbekiston fuqaroligini olishdi va endilikda xalqaro maydonda O‘zbekiston bayrog‘i ostida mamlakat sharafini himoya qilishadi. Bu haqda Tennis federatsiyasi matbuot xizmati UzNews.uz’ga xabar berdi.
Litva terma jamoasi sharafini himoya qilgan 18 yoshli Layma Vladson ITF talqini bo‘yicha dunyoning eng kuchli o‘smir qizlari o‘ntaligiga kiradi va allaqachon WTA jahon reytingida 887-o‘rinni egallab turibdi.
Shuningdek, u 2025 yil 9-15 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan W15 Tashkent Hayot Bank Cup (O‘zbekiston) professional turnirining yakkalik bahslarida g‘olib chiqdi.
Layma Vladsonning asosiy yutuqlari orasida 7 ta ITF Juniors unvoni, Hayot Bank Cup W15 Tashkent professional turniri, J200 Bratislava, J100 Trnava, J3 Tashkent, J3 Ust-Kamenogorsk, J5 Fujairah va W15 Tashkent turnirlaridagi g‘alabalar bor. 2025 yil oktyabr holatiga ko‘ra, u ITF Junior reytingida dunyoda 10-o‘rinni egallagan.
O‘zbekiston fuqaroligini olgan yana bir tennischi - 15 yoshli Aleksandra Barmicheva ITF W15 Tashkent 2025 turnirining eng yosh ishtirokchisiga aylandi.
Aleksandra Barmicheva yakkalik bahslarida J100 Vancouver turnirining g‘olibi, juftlik bahslarida esa Tatyana Golovina bilan hamkorlikda J100 Cho‘lpon-Ata turnirining g‘olibi hisoblanadi.
2025 yilda Aleksandra kattalar turnirida debyut qildi va allaqachon ITF W15 Tashkent musobaqasida ishtirok etdi.
"Biz uchun bu katta voqea. Layma Vladson va Aleksandra Barmicheva kabi sportchilarning paydo bo‘lishi O‘zbekistonda ayollar tennisining rivojlanishiga yangi turtki beradi. Ularning yutuqlari - yosh avlod uchun ilhom manbai," - deya ta’kidladi O‘zbekiston tennis federatsiyasi.
Qayd etilishicha, bunday sportchilarning paydo bo‘lishi O‘zbekistonning mintaqada tennisni rivojlantirish markazi sifatidagi jozibadorligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
