04-11-2025 12:21

Hodisa dushanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 09:00 da (Grinvich bo‘yicha 03:15) Dolakxa okrugidagi Yalung Ri tog‘ida asosiy lager yaqinida sodir bo‘lgan.
Qutqaruvchilar ikki jasadni topgan, qolganlarini qidirish ishlari davom ettirilmoqda, ular qor ostida qolib ketgani taxmin qilinmoqda. Sakkiz kishi qutqarib qolingan, ular poytaxt Katmanduga olib kelinib, tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Bu alpinistlarning barchasi qor ko‘chkisi boshlanishidan bir soat oldin marshrutga chiqqan guruh tarkibida bo‘lgan, dedi BBC Nepal xizmatiga tuman politsiyasi boshlig‘i.
Yana besh nafar alpinistning jasadlari «qor ostida 3-4,5 metr chuqurlikda bo‘lishi mumkin», dedi Seven Summit Treks rahbari Minma Sherpa. U qidiruv ishlari ko‘p vaqt olishini aytgan.
Halok bo‘lganlar orasida ikki italiyalik, bir nafardan kanadalik, germaniyalik va fransiyalik alpinistlar, shuningdek, ikki nepallik yo‘lboshlovchi bor.
Mahalliy politsiya boshlig‘i o‘rinbosari Gyan Kumar Maxato dushanba kuni BBC muxbiriga xabar berishicha, qutqaruv vertolyoti Dolakxadagi Na Gaun tumaniga – Yalung Ri tayanch lageridan besh soatlik masofada qo‘ngan.
Qutqarib olingan alpinistlardan biri Kathmandu Post nashriga aytishicha, ular bir necha bor yordam chaqirishgan, biroq hech qanday natija bo‘lmagan. «Agar qutqaruvchilar o‘z vaqtida yetib kelganida, ko‘proq odamlarning hayotini saqlab qolish mumkin edi», – deydi u.
Politsiya rasmiysi jurnalistlarga ma’lum qilishicha, noqulay ob-havo va logistik muammolar qutqaruv ishlarini qiyinlashtirgan, bu esa alpinistlar oldiga vertolyot orqali ham, piyoda ham yetib borish imkonini bermagan.
Kathmandu Post nashri xabar berishicha, guruh 6332 metr balandlikdagi qo‘shni Dolma Khang cho‘qqisiga chiqishga tayyorgarlik ko‘rgan. 5630 metr balandlikdagi Yalung Riga ko‘tarilish iqlimga moslashish vazifasini o‘tagan.
Bunga parallel ravishda Nepalning g‘arbiy qismidagi Panbari tog‘iga chiqishga urinish chog‘ida bedarak yo‘qolgan ikki italiyalik alpinistni qutqarishga urinishlar davom etmoqda.
Stefano Farronato va Alessandro Kaputo o‘tgan hafta uch nafar mahalliy gid bilan qiyin ahvolga tushib qolgan uch kishilik guruh tarkibida harakatlangan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, guruhning uchinchi a’zosi, 65 yoshli Velter Perlino qutqarilgan.
Kuz Nepalda alpinistlar uchun mashhur fasldir, chunki ob-havo sharoiti va ko‘rinish odatda yaxshiroq. Biroq tog‘larda ob-havo baribir beqaror.
O‘tgan hafta «Monta» sikloni butun Nepal bo‘ylab kuchli yomg‘ir va qor yog‘ishiga olib keldi, bu esa suv toshqinlari va ko‘chkilarga sabab bo‘ldi, xususan, mamlakat g‘arbidagi Mustang mintaqasida bir guruh alpinistlarni qutqarishga to‘g‘ri keldi. Mamlakatda jami 50 dan ortiq kishi tabiiy ofat qurboniga aylandi.
Oktyabr oyida murakkab ob-havo sharoiti tufayli taxminan 580 nafar sayyoh Everest tog‘i yaqinida 4900 metrdan ortiq balandlikda qolib ketgan. Kuchli qor yog‘ishi ularning ortga qaytish yo‘lini to‘sib qo‘ygandi va ularni xitoylik qutqaruvchilar kuchi bilan evakuatsiya qilishga to‘g‘ri keldi.
