04-11-2025 12:04

Qayd etilishicha, “yadro klubi” deb ataluvchi to‘qqizta davlat – AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Isroil va Shimoliy Koreya de-yure yoki de-fakto yadro quroliga ega va o‘z arsenallarini modernizatsiya qilishda davom etmoqda.
Mutaxassislarning ogohlantirishicha, yadro qurolidan foydalanish xavfi sovuq urush davridan beri eng yuqori darajaga yetgan. O‘sib borayotgan geosiyosiy taranglik va xalqaro qurollarni nazorat qilish mexanizmlarining zaiflashuvi sharoitida yadroviy kuchayish tahdidi tobora real bo‘lib bormoqda. AQSH 1945 yilda yadro qurolini ishlab chiqqan. Amerikalik olimlar atom bombasini Ikkinchi jahon urushi paytida amalga oshirilgan maxfiy Manxetten loyihasining bir qismi sifatida yaratgan. Sinov Nyu-Meksiko cho‘lida bo‘lib o‘tgan. Yangi ishlanma bir oydan kamroq vaqt o‘tgach qo‘llanilgan va 6-9 avgust kunlari Qo‘shma Shtatlar Xirosima va Nagasakiga atom bombalarini tashlagan.
Yadro qurollarini bekor qilish bo‘yicha xalqaro kampaniya ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakat arsenalida taxminan 5000 yadro kallaklari mavjud. Ulardan 1700 tasi hushyor holatda, qolganlari omborlarda saqlanadi yoki demontaj qilinishini kutmoqda. Amerika yadro strategiyasi “yadro triadasi” tamoyiliga asoslanadi. Qit’alararo ballistik raketalar, raketali yadroviy suvosti kemalari va strategik bombardimonchi samolyotlar. Ushbu tizim kutilmagan hujum sodir bo‘lgan taqdirda ham javob zarbasini kafolatlaydi. Ba’zi taktik yadro qurollari NATOning Yevropadagi bazalarida – Germaniya, Italiya, Belgiya, Niderlandiya va Turkiyada joylashgan. Rasmiy jihatdan ular Qo‘shma Shtatlarga tegishli, ammo NATOga a’zo davlatlar Vashington ruxsati bilan harbiy to‘qnashuv yuz berganda ham ulardan foydalanishlari mumkin.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘tgan yili o‘zining yadroviy arsenalini saqlash va modernizatsiya qilish uchun taxminan 50 milliard dollar sarflagan. 1949 yilda Sovet Ittifoqi Semipalatinsk poligonida birinchi atom bombasini sinovdan o‘tkazgan. Fizik Igor Kurchatov boshchiligidagi sinov “birinchi chaqmoq” kod nomini olgan. Rossiya yadro qurolini milliy xavfsizlik kafolati va to‘xtatuvchi vosita deb biladi. O‘tgan yili Moskva o‘z arsenalini saqlash va rivojlantirish uchun taxminan 9 milliard dollar sarflagan. Rossiyada 5500 ga yaqin jangovar kallaklar mavjud bo‘lib, ular raketalar, suvosti kemalari va samolyotlardan ham “yadro triadasini” tashkil eta oladi.
Xitoy hukumati qurollanish poygasida ishtirok etmayotganini va arsenalini milliy xavfsizlikni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan minimal darajada ushlab turishini da’vo qilmoqda. Biroq Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, Pekin o‘zining yadroviy arsenalini faol ravishda kengaytirmoqda va modernizatsiya qilmoqda. Mamlakatda 600 ga yaqin jangovar kallaklar mavjud, bu uch yil avvalgidan ikki baravar ko‘p. Pentagon besh yil ichida bu raqam 1000 dan oshishini bashorat qilmoqda. Bundan tashqari, Xitoy hozirda Gansu, Guangsi va Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonlarida silosli uchirish moslamalarini, shuningdek, uchta yirik raketa majmuasini faol ravishda qurmoqda.
Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot institutiga ko‘ra, Isroil arsenalida 90 tagacha yadro kallaklari bo‘lishi mumkin. Tahlilchilarning fikricha, raketalarga joylashtirilmagan jangovor kallaklar omborlarda saqlanadi. Isroilning yadro qurolini yetkazib berishning asosiy usuli havo kuchlari ekanligiga ishoniladi. Pokiston Mudofaa vazirligi xalqaro hamjamiyatni Isroilning xalqaro kelishuvlar bilan tartibga solinmagan yadroviy salohiyatiga e’tibor qaratishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2030 yilga borib Xitoy 1 mingdan ortiq yadro kallaklarini joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
