13-10-2025 10:42
O‘zbekistonda xususiy tibbiyot tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati kuchaytirilmoqda. Bu boradagi tekshiruvlar Prezidentning 2025-yil 6-oktyabrda qabul qilingan «Iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–296-sonli qarori asosida amalga oshirilgan.
Raqobat qo‘mitasi hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga ixtisoslashgan nodavlat notijorat tashkilotlar mamlakat bo‘ylab xususiy tibbiyot muassasalarini o‘rganishni tashkil qildi. Tekshiruvlar 8,5 mingga yaqin tibbiyot tashkilotlarini qamrab oldi.
Natijada aniqlanishicha, 27 foizga yaqini amalda ko‘rsatilgan manzilda faoliyat yuritmayotgan, 61 foizida xizmatlar narxnomalari yo‘q, 20 foizida axborot davlat tilida berilmagan va deyarli yarmidan ko‘pida tashqi reklama talablariga rioya qilinmagan.
Shuningdek, ayrim klinikalar litsenziyada nazarda tutilmagan xizmat turlari bilan ham shug‘ullanib kelgan. Ular orasida Samarqanddagi «AFX DARDGA SHIFO», Surxondaryodagi «NIGORA PLUS CHAROS MED» hamda «SHEROBOD SHIFO MASKANI», Toshkent viloyatidagi «QIZILTOG DENTAL», «MUROD YORQIN NAJOT», «CHIRCHIQ ZINNURA STOM», «TURSUNOY FAXR STOM» va «BULOQBOSHI SOG‘LOMLASHTIRISH KLINIKASI», Farg‘ona viloyatidagi «ZAYLOBIDDIN SHIFO NUR» hamda «U-SHIFO CENTER» kabi muassasalar bor.
Raqobat qo‘mitasi bu holatlar bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni mutasaddi idoralarga taqdim etgan. Qo‘mita kelgusida ham nodavlat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirishini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, xususiy tibbiyot tashkilotlari soni 2024-yil 1 yanvar holatiga 8 343 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yil 1-yanvarda 8 486 tani tashkil etgan.