Fan olimpiadasi g‘oliblari daromad solig‘i to‘lamaydi
11.10.2024 13:21
“Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-346-son) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan:
➖nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etadigan terma jamoalar rahbarlarini jamoaning natijasiga qarab rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi;
➖asosiy fan olimpiadalarining hududiy va respublika bosqichlarida hamda xalqaro olimpiadalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar, ularning o‘qituvchilari va terma jamoalar rahbarlariga to‘lanadigan pul mukofotlari va beriladigan sovg‘alar daromad solig‘idan ozod etiladi.
2025-yil 1-dekabrgacha:
— xalqaro va mahalliy fan olimpiadalari natijalarining doimiy statistikasini yuritish, onlayn fan olimpiadalarini tashkil qilish va o‘tkazish hamda olimpiadalar ishtirokchilarining ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkonini beruvchi elektron platforma yaratiladi;
— O‘zbekistonda o‘tkaziladigan buyuk allomalar nomi bilan ataladigan xalqaro fan olimpiadalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtiriladigan, mahalliy va xorijiy o‘quvchilarning ushbu olimpiadalarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishlarini ta’minlaydigan maxsus sayt ishga tushiriladi.