10-10-2025 10:12
Ma’lumotga ko‘ra, 2025-yil 9-oktyabr kuni Jizzax viloyati Forish tumanidagi bir nechta davlat bog‘chalari bolalarida yengil noxushlik, harorat ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi va qisqa muddatli ovqat hazm qilish buzilishi belgilari kuzatilgan.
“Ularga o‘z vaqtida zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirgi paytda barcha bolalarning ahvoli barqaror, sog‘lig‘iga xavf yo‘q. Hozirda faqat 2 nafar bola profilaktika maqsadida shifokorlar kuzatuvida qolmoqda”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Dastlabki tahlillarga qaraganda, noxushlik holati oziq-ovqat omillari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Aniq sabab laboratoriya tahlillari natijalariga ko‘ra belgilanishi bildirilgan. Qayd etilishicha, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati mutaxassislari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari va suvdan namuna olingan, tadqiqotlar olib borilmoqda.
Vazirlik fuqarolarni xotirjamlikni saqlashga hamda tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirgan. Vaziyat tegishli xizmatlar tomonidan to‘liq nazoratga olingani ma’lum qilingan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ham holat bo‘yicha munosabat bildirib, tez orada batafsil ma’lumot taqdim etilishini xabar qilgan.
Holat yuzasidan Forish tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Bu birinchisi emas
2025-yil 24-sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir necha bog‘cha tarbiyalanuvchilari salomatligidan shikoyat bilan shifoxonalarga murojaat qilingandi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan.
25-sentyabr kuni maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, uning o‘rinbosari Azizbek Turdiyev mazkur holatlarni shaxsan o‘rganish maqsadida Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘ldi. Bog‘chalarning ayni vaqtdagi holati, oshxonalardagi mavjud sharoitlar ko‘zdan kechirdi.
26-sentyabrda “Daryo” jurnalisti Bo‘ka hamda Piskent tumanlarida bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi va salkam 2 ming nafar bola zaharlangani ma’lum bo‘ldi. Holat yuzasidan 7 kishi qamoqqa olindi. Ularning 2 nafari bolalar zaharlanishiga sabab bo‘lgan mahsulot ishlab chiqaruvchilari bo‘lsa, qolganlari autsorsing bilan shug‘ullangan kompaniya vakillari.
27-sentyabrda bolalar ahvoli yaxshilanayotgani bois uylariga javob berilayotgani ma’lum qilindi. Dori vositalarining yetarli zaxirasi yaratilgani, barcha bolalarning sog‘lig‘i davlat nazoratida ekani bildirildi.
28-sentyabrda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov davolanishda bo‘lgan bolalar soni 182 nafarni tashkil etayotganini, o‘rtacha og‘irlikda deb baholangan bolalarning holati ham yaxshilanganini, birorta ham og‘ir bemor yo‘qligini e’lon qildi.