07-10-2025 10:28
O‘zbekistonda sentyabr oyi davomida 28 mingdan ortiq fuqaro farzandi tug‘ilgani munosabati bilan bir martalik suyunchi pulini oldi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jami 40 ming 611 nafar fuqaro uchun 47,9 milliard so‘mlik bir martalik nafaqa to‘lovlari amalga oshirilgan. Shu jumladan, 25,6 milliard so‘m 28 784 nafar ota-onaga farzand tug‘ilganda beriladigan suyunchi puli sifatida ajratilgan. Shu bilan birga, 11 827 nafar fuqaroga dafn marosimi uchun 22,3 milliard so‘m to‘langan.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, suyunchi nafaqasini olish uchun bola tug‘ilgandan keyin olti oy ichida ota yoki ona shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan «Xalq banki»ning istalgan filialiga murojaat qilish mumkin. Shuningdek, to‘lovni «Xazna» mobil ilovasi orqali ham amalga oshirish mumkin.
Dafn etish nafaqasi ham shu tartibda — FHDYO bo‘limi tomonidan berilgan o‘lim haqidagi gerbli guvohnoma asosida to‘lanadi. Biroq agar murojaat qiluvchi shaxs bu huquqqa ega bo‘lmasa, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan yoki o‘lim qayd etilganidan so‘ng 60 kun o‘tgach murojaat qilsa, nafaqa to‘lanmaydi.
Hozirgi kunda suyunchi nafaqasi miqdori 893 ming 513 so‘m, dafn etish nafaqasi esa 1 million 884 ming so‘mni tashkil etadi. Avvalroq ushbu to‘lovlar belgilangan miqdordan kam berilayotgani haqidagi xabarlar rasman rad etilgan edi.