07-10-2025 10:26
Qayd etilishicha, Toshkent shahri atrofi yondosh hududlarini shahar avtobus yo‘nalishlari bilan qamrab olish bo‘yicha rejalar doirasida oktyabr oyida 200 dona yangi elektrobus (12 metrli) xarid qilinadi. Shuningdek, qo‘shimcha 4 ta yangi avtobus yo‘nalishi tashkil etiladi, 6 ta yo‘nalish qatnov yo‘li o‘zgartiriladi va 4 ta yo‘nalish jadvallari soni oshiriladi.
2026-yilda olib kelinadigan 1000 ta yangi transport vositalarining 30 tasi o‘ta katta, 500 tasi katta, 470 tasi esa o‘rta sig‘imli avtobuslardan iborat bo‘ladi. Ular 48 ta yo‘nalishda brutto-shartnoma asosida harakatga chiqarilishi rejalashtirilgan. Toshkent shahriga kelishi kutilayotgan avtobuslar va elektrobuslar uchun 3 ta zamonaviy avtosaroyni yo‘nalishlar kesimida nolinchi masofaga yaqin bo‘lgan (Yangi Toshkent) yer maydonlaridan ajratish rejalashtirilgan.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur choralar natijasida Toshkent shahrida jami 2891 ta avtobus harakatlanib, yo‘lovchilar uchun o‘rtacha qatnov vaqti 30 daqiqagacha qisqaradi. Shuningdek, yillik yo‘lovchi tashish hajmi 750 million nafarga yetishi kutilmoqda.
Bunday islohotlar poytaxtdagi ko‘p yillik transport muammolarini yengillashtirishga qaratilgan. Chunki hozirda Toshkentda tirbandliklar tobora kuchayib, ayniqsa, o‘quv yili boshlanishi bilan 10 balli darajadagi tiqilib qolish holatlari kuzatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 24 senyabrda senator Erkin Gadoyev tirbandliklarni kamaytirish, jamoat transportini rivojlantirish va aholi harakatlanishini yengillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar haqida atroflicha ma’lumot so‘rab, senator so‘rovi yo‘llagan edi.