Fuqarolar o‘zlariga kredit olishni taqiqlashi mumkin
09.10.2024 13:02
Kredit-axborot tahliliy markazi portalida fuqarolar tomonidan o‘ziga o‘zi kredit olishni taqiqlash imkoni joriy qilindi. Bu o‘zgalar nomiga kredit oluvchi kiberjinoyatchilardan himoyalanish imkonini beradi.
Mazkur xizmat yoqib qoʻyilsa, hech kim (kredit-moliya tashkilotlari) fuqaroning kredit tarixi bilan bogʻliq maʼlumotlarini ololmaydi. Natijada kredit tashkilotlari fuqaroning kredit tarixini onlayn oʻrgana olmaydi va kredit ajratish imkonsiz boʻlib qoladi.
Xizmatdan foydalanish uchun Kredit-axborot tahliliy markazi portaliga kirish va avtorizatsiyadan oʻtish lozim. Soʻngra SMS-axborot funksiyasini yoqish talab etiladi. Shundan soʻng, Freeze xizmatini ishga tushirish kerak. Funksiyadan qanday foydalanish haqida videoqoʻllanma ham yaratilgan.
Qoʻshimcha qilinishicha, xizmat 2025-yil 1-yanvariga qadar bepul koʻrsatiladi. Xizmatni oʻchirish ham mumkin, bunda onlayn kredit olish imkoniyati tiklanadi.