06-10-2025 10:09
Davlatimiz rahbari marhumning ezgu ishlarini, Vatanimizga xizmatlarini yodga oldi.
Ismoil Jo‘rabekov 1931 yil 12 sentyabrda Samarqand shahrida ishchi oilasida tug‘ilgan. Mehnat faoliyati davomida suv xo‘jaligi sohasida mas’ul lavozimlarda mehnat qilib, respublikamizda irrigatsiya va melioratsiya sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi. 1985 yilda O‘zbekiston Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Mustaqillik yillarida I.Jo‘rabekov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Davlat suv nazorati boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi lavozimlarida ham samarali faoliyat olib bordi.
So‘nggi yillarda I.Jo‘rabekov mo‘tabar yoshda bo‘lishiga qaramasdan, suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi sifatida xizmat qilib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etdi.
Davlat va jamoat arbobining xalqimiz va Vatanimiz oldidagi xizmatlari munosib baholanib, u “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator” faxriy unvoni hamda davlatimizning bir qator yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan edi.
Davlatimiz rahbari marhumning farzandlari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, sabr-toqat tiladi. Ular Prezidentimizga tashrifi va dalda so‘zlari uchun minnatdorlik bildirdi.