03-10-2025 12:22
O‘zbekistonda «chiroyli» davlat raqamlarini kimoshdi savdosida ishtirok etmasdan, «Safe Road» ilovasi orqali xarid qilish mumkin.
Avval auksionga chiqarilgan, ammo sotilmagan 1–3-toifadagi davlat raqamlari ochiq savdoga qo‘yildi. Bu haqda «Safe Road» o‘z Telegram kanalida xabar berdi.
Avtoraqamlar «Uzavtomotobelgi» korxonasi tomonidan belgilangan yagona oshirilgan to‘lov asosida beriladi. Jismoniy shaxslar uchun narx BHMning 17 baravari (7 mln so‘m), yuridik shaxslar uchun esa 25 baravari (10,3 mln so‘m) etib belgilangan.
Foydalanuvchi ilovada hudud, ma’qul raqam, raqam formati (gorizontal yoki kvadrat) va avtomobil dvigateli turini tanlaydi. Keyin qidiruv orqali natijalar taqdim etiladi. To‘lov jarayoni to‘liq onlayn amalga oshiriladi.
Hozircha xizmat test rejimida ishlamoqda. Shu bilan birga, bir vaqtning o‘zida foydalanuvchilar oqimi katta bo‘lgani sababli YHXX tizimida nosozliklar kuzatilishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 4 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra, 1 oktyabrdan «O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi»da chiroyli raqamlar auksion savdosi to‘xtatilgan edi.