29-06-2025 09:03
27 iyun kuni Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda Davlat soliq qoʻmitasi rahbari Sherzod Qudbiyev bu masala haqida toʻxtaldi. Uning soʻzlariga koʻra, tadbirkorlar yuqori soliq yukidan koʻra koʻproq hisob-kitob qilish va toʻlash jarayonining murakkabligi bilan qiynalmoqda.
Muloqotda restoranlar sohasi vakillari, jumladan Smart Group asoschisi Sanjar Maqsudov ham qatnashdi. U restoranlar va kichik biznesda QQS keshbek toʻlovlaridagi muammolar IKPU kodlarini notoʻgʻri koʻrsatish bilan bogʻliqligini qayd etdi. Shu bilan birga, u kichik korxonalar uchun soliq hisobini yuritishdagi qiyinchiliklar va QQS toʻlash chegarasini oshirish zarurligini alohida taʼkidladi.
Sherzod Qudbiyev mazkur fikrlarga qoʻshilib, foyda soligʻi hisob-kitobida haqiqatan ham muammolar borligini tan oldi. Uning taʼkidlashicha, Soliq qoʻmitasi mutaxassislar bilan birgalikda foyda soligʻi va QQS hisob-kitobini yengillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqmoqda.
“Kichik biznes orasida QQS va foyda soligʻi boʻyicha hisobotlarni topshirishda soddalashtirilgan tartibga ehtiyoj bor. Bu yoʻnalishda ish olib bormoqdamiz va takliflar tayyor boʻlganda ularni eʼlon qilamiz”, — dedi Qudbiyev.
Ayni paytda, korxonalarda hisob-kitob tizimini soddalashtirish orqali biznesning “soyada” emas, ochiq faoliyat yuritishiga yoʻl ochish maqsad qilinayotgani taʼkidlanmoqda.