03-10-2025 12:16
2025 yil davomida Samarqandda fuqarolar va tadbirkorlarning buzilgan binolari uchun hokimliklardan 90 mlrd so‘mga yaqin kompensatsiya undirildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Joriy yilda Majburiy ijro byurosi hududiy bo‘limlari ish yurituviga fuqarolar manfaatlariga oid qarzdorliklarni undirish yuzasidan 1 trln so‘mlik 81 mingdan ortiq ijro hujjati kelib tushgan. Ulardan 20 mingdan ortig‘i yakuniga yetkazilib, 127 mlrd so‘mdan ko‘proq mablag‘ qaytarilgan.
Shuningdek, buzilgan uy-joy va ishlab chiqarish imoratlari uchun hokimliklardan kompensatsiya undiruvi bilan bog‘liq 218 ta ijro ishi ko‘rib chiqilgan. Natijada jismoniy va yuridik shaxslar manfaati uchun jami 89,9 mlrd so‘m undirib berilgan.
Fuqarolar manfaatida 644 nafar shaxs foydasiga 5,1 mlrd so‘m, shu jumladan 1 mlrd so‘mdan ziyod ish haqi hamda 8,1 mlrd so‘m zarar puli undirilishi ta’minlandi.
Hozirgi paytda ham 61 mingdan ziyod fuqarolar uchun 659,2 mlrd so‘mlik, yuridik shaxslar uchun esa 2 trln so‘mga yaqin majburiy ijro ishlari davom etmoqda. MIB Samarqand viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan bu yo‘nalishda choralar ko‘rilmoqda.