03-10-2025 12:13
O‘zbekistonda yirik gabaritli va og‘ir yuk tashuvchi transport vositalari uchun yangi tartib joriy qilinishi mumkin. Ichki ishlar vazirligi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan og‘ir yuk mashinalari va samosvallar alohida davlat raqam belgisi bilan ro‘yxatdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Hujjatda vazni 44 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk mashinalari hamda ochiq konlarda faoliyat yuritadigan o‘ziag‘daruvchi yuk avtomobillari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shartligi qayd etilgan. Ular uchun umumiy transport vositalariga tegishli raqam belgilaridan farqli tarzda alohida raqam belgilari kiritilishi taklif qilinmoqda.
Shu bilan birga, og‘ir yuk tashuvchi transport vositalari tunda yo‘l chetida to‘xtab turishi mumkin emasligi belgilanmoqda. Loyihaga ko‘ra, bunday qoidalarni buzgan haydovchilar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi. Ma’lum qilinishicha, 2024 yilda shu kabi holatlar oqibatida 113 ta YTH yuz berib, 47 kishi halok bo‘lgan.
Tashabbusdan maqsad — yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yuk tashish jarayonini tartibga solish va yirik gabaritli transport vositalari harakatini samarali nazorat qilishdir.
Hozirda loyiha muhokama jarayonida bo‘lib, jamoatchilik va mutaxassislarning takliflari o‘rganilmoqda. Qaror qabul qilingan taqdirda, yangi tartib 2026 yildan amalga kiritilishi kutilmoqda.