03-10-2025 11:08
Vazirlik o‘z xabarida elektr va gaz ta’minotidagi qilingan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi.
Elektr ta’minoti bo‘yicha:
Joriy yilning o‘tgan davrida mamlakatimiz bo‘ylab 7 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmoqlari va 1 731 ta transformator punkti yangilandi.
Buning natijasida 954 ta mahalladagi 800 mingdan ortiq xonadonlarning elektr ta’minoti yaxshilandi.
Joriy yil yoz mavsumida respublikaning elektr energiya iste’moli soatiga 13,3 gigavatt, ya’ni kuniga 270-275 million kVt•soat bo‘lgan bo‘lsa, qish mavsumida soatiga 13,5 gigavatt, kuniga esa 290-300 million kVt·soatgacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
O‘tgan yili 81,5 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2025 yil yakuni bilan 85,5 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
2025 yil yakuni bilan umumiy quvvati 3 000 megavattdan ortiq bo‘lgan quyosh va shamol, 1 167 megavatt quvvatli issiqlik elektr stansiyalari, 1 500 megavattdan ortiq energiya saqlash tizimlari foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Gaz ta’minoti bo‘yicha:
Shuningdek, 538 km uzunlikdagi yuqori va o‘rta bosimli gaz tarmoqlari va 951 ta gaz taqsimlash punktlari yangilandi, modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Joriy yil boshidan 464 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Shuning, yil yakuniga qadar yana 199 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib beriladi.
Bundan tashqari, respublikaning barcha hududlarida suyultirilgan gaz yetkazib berish uchun qo‘shimcha 29 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlari zaxirasi yaratildi.
Hududlarda avariyaviy holatlarning oldini olish va ularni tezkor bartaraf etish uchun maxsus brigadalar tuzilib, ular zarur texnika, zaxira materiallari va himoya vositalari bilan ta’minlangan.
“Mavsumda iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarni safarbar qilgan holda tizimli ishlar tashkil qilinadi”, – deyiladi xabarda.