24-09-2025 12:36
Aniqlanishicha, sudlanuvchi U. A. 2019-yilda «Odnoklassniki.ru» saytida Abdug‘ani Umarov (Abdulloh domla)ning «Jannatga oshiqlar» nomli aqidaparastlik g‘oyalari bor deb topilgan ma’ruzasiga «klass» bosish orqali virtual do‘stlariga tarqatgan.
Ta’kidlanishicha, bu bilan u Jinoyat kodeksi 244−1-moddasi 3-qismining «g» bandida (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish OAVdan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudining 2025-yil 1-iyuldagi hukmiga ko‘ra, U. A. ushbu modda bo‘yicha aybdor deb topilib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llagan holda, 3-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
«Sudlanuvchi U. A. tomonidan sodir etilgan mazkur jinoyat og‘ir turga mansubligi tufayli unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazo tayinlangan. Shunday bo‘lsada jazoni yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olgan holda unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi tatbiq etilib, modda sanksiyasidan kamroq jazo muddati tayinlangan», — deyiladi xabarda.