22-09-2025 11:04
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–avgust oylarida 284 ming 352 ta yengil avto ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning shu davriga nisbatan 9,18 foizga ko‘pdir.
Mamlakatning eng yirik avtomobilsozlik kompaniyasi UzAuto Motors 99 ming 13 dona Cobalt ishlab chiqargan, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 2,98 foizga kam ko‘rsatkich. Damas ishlab chiqarishi ham 57 ming 882 tani tashkil qilib, 2,8 foizga pasaydi.
Shu bilan birga, Tracker modeli 26 ming 385 dona ishlab chiqarilib, 9,02 foizga o‘sdi. Onix ishlab chiqarish esa 20 ming 241 donani tashkil etib, 6,32 foizga kamaydi.
Boshqa brendlar orasida sezilarli o‘sish kuzatildi. Xususan, Chery avtomobillari 5909 taga yetdi (+13,85 foiz), KIA 17 ming 166 avtomobil bilan 34,16 foizga ko‘paydi. Haval ishlab chiqarishi 5 303 donani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan qariyb 4 baravarga oshdi. BYD ishlab chiqarishi esa 12 ming 930 taga yetdi va 52 barobarga yaqin o‘sish qayd etildi. Ilk bor Tank 500 yo‘ltanlamas avtomobili 42 ta ishlab chiqarildi.
Bundan tashqari, hisobot davrida mamlakatda 35 ming 936 ta maxsus yengil avto ishlab chiqarilib, o‘tgan yilga nisbatan 2,07 barobarga ko‘paydi.