22-09-2025 11:03
Sirdaryo viloyatida 19 sentyabr kuni kechki soat 22:00 larda yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. Bu haqda Sirdaryo IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sirdaryo tumani Furqat mahallasi hududidan o‘tuvchi «Sholikor–Sirdaryo» yo‘nalishida 2010-yilda tug‘ilgan D.A. ismli o‘smir otasiga tegishli Lacetti avtomashinasini beruxsat haydagan.
U yuqori tezlikda harakatlanar ekan, boshqaruvni yo‘qotib, avtomobil yo‘li chetidagi zovurga tushib ketgan.
Hodisa oqibatida mashina salonida bo‘lgan ikki nafar voyaga yetmagan yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘ldi. Haydovchi o‘smir og‘ir holda tuman tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limiga yotqizildi.
Qonunchiligi talablariga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxslar transport vositasini boshqarishi taqiqlangan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov harakatlari boshlandi.