18-09-2025 12:53
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Afrika davlatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston va EABA o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik va logistika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.
Uyushma a’zolarining O‘zbekistonga, mamlakatimiz kompaniyalarining esa Afrika bozorlariga kirib kelishiga ko‘maklashish, o‘zaro investitsiya va eksport salohiyatini oshirish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.
«EABA» Misr va Afrika qit’asidagi yirik kompaniyalar va ishbilarmonlarni birlashtirgan uyushma bo‘lib, uning faoliyati Afrika davlatlari o‘rtasida savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga qaratilgan. Uyushma tarkibida qishloq xo‘jaligi, sanoat, turizm, telekommunikatsiya, infratuzilma, moliya, ta’lim, energetika, sog‘liqni saqlash, qurilish va boshqa sohalarni qamrab olgan 22 ta qo‘mita mavjud. «EABA» Afrikaning 20ga yaqin davlatida o‘z vakolatxonalarini ochgan.