17-09-2025 09:15
17-avgust kuni Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Raqamli sog‘liqni saqlash markazining tibbiyot sohasidagi innovatsion loyihalari bilan tanishdi.
Taqdimotda elektron tibbiy kartalardan tortib, sun’iy intellektga asoslangan diagnostika tizimlarigacha bo‘lgan yangiliklar jamoatchilikka taqdim etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar DMED yagona tizimiga 33 million fuqaroning elektron tibbiy kartalari kiritilgan. Bu shifokorlarga hujjat yuritishga emas, balki bemorlar bilan muloqotga ko‘proq vaqt ajratish imkonini bermoqda. Shuningdek, qaysi shifokor qay darajada bandligi yoki tibbiy jihozlarning holati haqida real vaqtda ma’lumot beruvchi Situatsion markaz ishga tushirildi. Bu resurslarni samarali taqsimlashga ko‘maklashishi qayd etildi.
Shu bilan birga, yetti yildan beri amalga oshirilayotgan «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi sun’iy intellekt yordamida yangi bosqichga ko‘tarildi. Yangi texnologiyalar orqali muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarda ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish xavfini erta aniqlash mumkin bo‘ladi. Mutahassislar fikricha, buning natijasida bolalardagi ko‘rlik holatlarining 90 foizgacha oldini olish imkoni paydo bo‘ladi.
Taqdimotda shuningdek, insult va ko‘krak bezi saratonini erta aniqlaydigan texnologiyalar ham namoyish etildi. Aytilishicha, sun’iy intellekt shifokorlarning o‘rnini bosmasa-da, ularning ishonchli yordamchisiga aylanib, vaqt va resurslarni tejashda muhim rol o‘ynaydi.
Markazning asosiy maqsadi aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish ekani ta’kidlandi.