Sentyabrda inflyasiya 1,23 foizni tashkil etdi. Mol va qoʻy goʻshti yil boshidan buyon 11,3 — 11,9 foizga, dorilar qariyb 25 foizga qimmatlashdi.
Statistika agentligi xabariga koʻra, yil boshidan (yanvar-sentyabr) esa narxlar oʻrtacha 6,77 foizga
oshdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻtgan oyda oʻrtacha 1,4 foizga oshdi (yillik hisobda — 2,4 foizga oʻsish). Nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,8 foizga (8,4 foiz), pulli xizmatlar narxi 1,5 foizga (28,7 foiz) oshdi.
Goʻsht narxi yuqori sur'atlarda oʻsishda davom etmoqda: mol goʻshti — 3,1 foizga (avgust oyida — 5,3 foiz), qoʻy goʻshti — 2,8 foizga (avgust oyida — 4,9 foiz) qimmatlashdi. Yil boshidan buyon mol goʻshti narxi 11,3 foizga, qoʻy goʻshti narxi esa 11,9 foizga oshdi.
Dori-darmonlar narxi oʻsishda davom etmoqda, sentyabr oyida u 1,2−1,9 foiz (yil boshidan — 24,7 foiz) oraligʻida oshdi.
Statistika agentligi ma'lumotlariga koʻra, metan oyiga 0,5 foizga (yil davomida — 35,8 foizga), benzin — 0,2−2,4 foiz oraligʻida yoki oʻrtacha 0,8 foizga (+13,8 foiz) qimmatlashdi.