16-09-2025 09:57
Prezident Shavkat Mirziyoyev Chust tumanida barpo etilgan 40 million dollarlik gaz-beton bloki ishlab chiqaruvchi «Megaton» korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
«Namangan» erkin iqtisodiy zonasida joylashgan, «Turonbank» mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan mazkur 40 million dollarlik loyiha doirasida Xitoy, Germaniya va Daniyadan olib kelingan innovatsion texnologiyalar o‘rnatilgan. Shu sababli mahsulotning sifati va samaradorligi yuqori bo‘lishi ta’kidlanmoqda.
Masalan, Germaniya texnologiyasi yordamida ishlab chiqarilgan gazoblok binolarda tashqi izolyatsiyani talab etmaydi. Bu turdagi qurilish materiallari issiqlik va salqinlikni to‘rt barobar yaxshi saqlab qoladi, elektr energiyasi xarajatini esa 45 foizgacha qisqartiradi.
Ishlab chiqarish jarayonida «Megaton»ga tegishli «Namangan sement»ning 550 markali sementidan foydalanilmoqda. Bu qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish imkonini bergan. Korxonada 500 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.
Davlat rahbari ishlab chiqarish jarayonlari, laboratoriya va tayyor mahsulotlar bilan tanishdi. Mutasaddilar mahsulotning mustahkamligi, turli ob-havo sharoitiga chidamliligi haqida ma’lumot berdi. Prezident mahalliy sanoatdagi innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidlab, tadbirkorlarni rag‘batlantirish orqali-bozorda raqobat-va yangi ish o‘rinlari ko‘payishini qayd etdi.
Majmua yiliga 600 ming metr kub gazoblok ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, bu viloyatdagi g‘ishtga bo‘lgan talabning 28 foizini qoplaydi. Loyihaning ikkinchi bosqichida esa avtoklav gazoblok devorlari, maxsus kley, kimyoviy aralashmalar va suvoqlarni mahalliylashtirish rejalashtirilgan.