15-09-2025 10:57
“Xalqimizning kelajagi maktabdan boshlanadi. Chunki farzandlarimizga bilim va tarbiya berishning eng uzoq davom etadigan, kerak bo‘lsa, hal qiluvchi bosqichi bu — maktab ta’limidir”, dedi prezident va maktab ta’limida bir qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirilishini aytdi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab maktab davrida o‘quvchilarning qobiliyatiga qarab, kasb yoki oliy ta’limga yo‘naltirish uchun 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinadi. Shu orqali 400 mingga yaqin 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarga qamrab olinadi. O‘qishni maktabda davom ettirib, oliygohga kirish istagida bo‘lgan yoshlarga fanlar tanlov asosida chuqurlashtirib o‘tiladi.
“Bir so‘z bilan aytganda, maktabdagi yakuniy imtihon natijalari bilan bitiruvchilar xohlasa texnikumga, istasa oliygohga kira oladigan bo‘ladi”, dedi prezident.
8-sentyabr kuni prezident ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham ta’lim tizimida Yagona davlat imtihonini amaliyotga joriy etish tashabbusi ilgari surilgandi. Hozirgi kunda o‘quvchilar uch marotaba imtihon topshiradi: maktab bitiruv imtihoni, oliy ta’limga kirish imtihoni, fanlar bo‘yicha sertifikat olish imtihoni. Rejaga ko‘ra, ushbu jarayonlarni yagona imtihon shakliga birlashtirish orqali ortiqcha murakkabliklarning oldi olinadi.
Shuningdek, xalqaro sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham tan olinadigan bo‘ladi.
Har yili 10 minglab maktab o‘quvchilari xorijiy til va fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatlar olyapti. Masalan, 2016-yilgacha jami 2 ming nafar maktab o‘quvchisi sertifikat olgan. O‘tgan yili birgina xorijiy tillarning o‘zidan 150 ming yoshlar xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi. Davlat rahbari endi bunday sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham tan olinishini aytdi.
O‘tgan hafta imzolangan prezident qaroriga muvofiq, maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinmoqda. Ular 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishi va kasbiy qiziqishi bo‘yicha saralab, 9-sinfni bitirganida texnikumlarga yo‘naltiradi. Shu bilan birga, 9-sinfni bitirib, texnikumga kirgan yoshlarga maktabga qaytib kelish imkoniyati bor. Endilikda 10-sinfga o‘tib, maktabda o‘qish fikridan qaytgan yoshlar ham ta’limni texnikumda davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, bu yil 11-sinfni bitirib, oliygohga kira olmagan 200 ming yoshlar ham texnikumlarda 3-6 oylik qisqa muddatli dasturlar asosida kasbga o‘qitiladi.