10-09-2025 08:21
Bundan uch yil avval hayvonot bog‘ida qizini ayiq qafasiga tashlab yuborib, turli muhokamalarga sabab bo‘lgan ayol, joriy yilning 8 sentyabr kuni shu qizini pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda «Millar» ko‘rsatuvida xabar berildi.
Ayol 2022-yil yanvar oyida uch yoshli qizini Toshkent hayvonot bog‘idagi ayiq qafasiga tashlab yuborgani sababli sud tomonidan qasddan odam o‘ldirishga urinishda aybdor deb topilib, majburiy davolanishga yuborilgandi.
Ushbu 1991-yilda tug‘ilgan shaxs voqea sodir bo‘lgan kuni o‘zini noodatiy tutib, oshxonada turgan o‘tkir tig‘li jism bilan 2018-yilda tug‘ilgan qiziga jarohatlar yetkazgan. 7 yoshli qizaloq olgan tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan.
Ayol 2-avgust kuniga qadar ruhiy asab kasalliklari shifoxonasida davolanayotgan bo‘lgan va shu kundan boshlab 2-sonli shahar ruhiy asab kasalliklari dispanserida hisobga qo‘yilgan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 28 yanvar kuni, soat taxminan 12:00 larda ayol noma’lum sabablarga ko‘ra odamlarning ko‘z oldida kichkina qizaloqni ayiq voleriga tashlab yuborgandi. O‘shanda ayiq qizaloqqa zarar yetkazmagan. Shuningdek, “Yirtqichlar” bo‘limi xodimlari tez harakat qilishgan va ayiqni ichki xonaga olib kirishga muvaffaq bo‘lishgan.
Bola volerdan olib chiqilgan va hayvonot bog‘ining hamshirasi tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan. Qizaloq yirtqich tishlari va panjalaridan emas, faqat qariyb 5 metr balandlikdan yiqilish tufayli jarohat olgan. Dastlabki ko‘rikda urilishlardan tashqari ko‘zga ko‘rinarli jiddiy shikastlar aniqlanmagandi o‘shanda.