10-09-2025 08:17
O‘zbekistonda Bosh prokuratura va Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan 9579 ta ko‘p qavatli uyning seysmik xavfsizligi o‘rganildi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.
Tekshiruv natijasiga ko‘ra, 87 foiz uy-joylar belgilangan me’yorlarga to‘g‘ri kelishi aniqlangan. Ammo 1242 ta obyekt qo‘shimcha instrumental tahlilni talab qilmoqda.
Shu paytga qadar 336 ta binoda batafsil tekshiruv o‘tkazilib, 297 tasi mustahkamligi tasdiqlandi, 71 tasi qo‘shimcha mustahkamlashni talab qilishi ma’lum bo‘ldi, 1 tasi esa seysmik jihatdan zaif deb topilgan.
Shu bilan birga qurilish sifati past bo‘lgan 396 ta obyekt bo‘yicha materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. Noqonuniylarini buzish bo‘yicha 200 ta da’vo arizalari kiritilib, 100 dan ortig‘i allaqachon buzilgan. Qurilish qoidalarini qo‘pol buzgan 40 holat yuzasidan jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, 201 ta uyda qavatlar soni ruxsatsiz ko‘paytirilgan holatlar qayd etildi. Eng katta qoidabuzarlik Toshkent shahrining Yashnobod tumanida kuzatilib, 14 qavat o‘rniga 21 qavatli uy qurilgan. Inspeksiyaning bir necha marta to‘xtatish buyrug‘iga qaramay, ish davom ettirilgan. Sudga qo‘shimcha qavatlarni seysmik chidamlilik bo‘yicha baholash uchun ishchi guruh tuzish masalasi chiqarildi.
Hududiy inspeksiyalar tomonidan o‘tkazilgan 242 mingdan ziyod monitoring tekshiruvi natijasida 106 mingdan ortiq yozma buyruq chiqarildi, 2653 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va qariyb 40 mlrd so‘m jarimalar qo‘llandi. Shuningdek, 712 ta holatda past sifatli qurilish ishlari joyidayoq demontaj qilindi.
2025-yil holatiga ko‘ra, inspeksiya reyestriga 27 372 ta obyekt kiritilgan bo‘lib, ularning monitoringi izchil davom etmoqda.