09-09-2025 10:31
Unda aytilishicha, prezident maktabdan tashqari ta’limni yangi bosqichga olib chiqish, o‘quvchilarni bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha qarorni imzoladi.
Joylardagi 219 ta “Barkamol avlod” maktabi, “Yoshlik” sport jamiyati, O‘quvchi yoshlar markazi va O‘zbekiston bolalar tashkiloti negizida respublika, hudud va tumanlarda “Kelajak” markazlari tashkil etiladi.
“Kelajak” markazlari maktablar bilan uzviy va maqsadli tadbirlarni jonlantirib, muhandislik, ilm-fan, madaniyat, san’at, kitobxonlik, sport va ekologiya yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quvchilarni to‘garaklarga jalb qiladi.
Ushbu tizim bilan barcha maktablar qamrab olinishi ta’kidlandi. Har bir o‘rta maktabda maslahatchi lavozimi joriy qilinadi. Maslahatchilar o‘quvchilarning qobiliyati va qiziqishiga qarab, til, kasb, muhandislik, ijod, san’at va sport to‘garaklarini tashkil qiladi.
Ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari sinf rahbari, maktab psixologi bilan xulq-atvorida salbiy o‘zgarish bo‘lgan o‘quvchilarni ta’lim va oiladagi muammolarini o‘rganib, ularni yengib o‘tishga hamrohlik qiladi.
Mahalladagi yoshlar yetakchilari esa o‘quvchilarni maktabdan tashqari vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun mas’ul bo‘ladi.
Eng asosiysi, endi maktablarda o‘quvchilarning to‘garaklar, sport, volontyorlik va olimpiadalarda erishgan natijalari bo‘yicha “raqamli portfolio”si shakllanib, elektron shahodatnomada ko‘rsatiladi.