08-09-2025 09:38
5 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev korporativ munosabatlar sohasini takomillashtirishga qaratilgan qarorni imzolagan edi. Qarorga ko‘ra, faoliyati Prezident huzuridagi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik kengashi doirasida amalga oshadigan yangi komissiya — korporativ etika komissiyasi tashkil etiladi.
Ushbu komissiya yuridik shaxslar va xo‘jalik jamiyatlariga korporativ etikaga oid masalalarda tavsiyalar berib borish, nizolarni hal etishda amaliy yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Komissiya 2025-yil 1-noyabrdan ish boshlaydi.
Shuningdek, hujjatga muvofiq, mas’uliyati cheklangan jamiyatlarda (MCHJ) ishtirokchilarni qo‘shish va chiqarish jarayonlari yengillashtiriladi. Qabul qilingan qaror kuchga kirishi uchun davlat ro‘yxatiga kiritish kutilmaydi — u qabul qilingan paytdanoq amalga kiritiladi.
Agar ishtirokchining ulushi sotilsa yoki uchinchi shaxsga o‘tkazilsa, tegishli hujjat notariusda rasmiylashtirilgandan so‘ng kuchga kiradi. «E-auksion» orqali xususiylashtirish holatida esa, to‘liq to‘lov amalga oshirilgan kundan e’tiboran mulk huquqi yuzaga keladi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish platformasiga «Notarius» axborot tizimi integratsiya qilinadi. Onlayn tartibda ishtirokchilarga ularning imtiyozli huquqlaridan foydalanish imkoni to‘g‘risida avtomatik xabar berish imkoni yaratiladi.