03-09-2025 09:56
Huquq-tartibot idoralari xabarga ko‘ra, guruh a’zolari xorijiy bukmekerlik kompaniyalari bilan hamkorlik qilib, noqonuniy yo‘llar orqali mablag‘larni kripto-aktivlar aylanmasi orqali qonuniylashtirishga uringan. Ushbu faoliyatda ular qonunda belgilangan tartiblarni buzgan holda Desent platformasidan foydalangan.
Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar qo‘lga olinib, ularning joriy yil yanvar oyidan buyon umumiy qiymati 180 milliard so‘mdan ortiq noqonuniy operatsiyalar amalga oshirgani fosh etildi.
Tekshiruv jarayonida jinoyat daromadlarini yashirish uchun foydalanilgan 38 dona mobil telefon va mingga yaqin plastik kartalar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilmoqda.