25-06-2025 13:05
Qayd etilishicha, Jahon banki Oʻzbekistonga kichik gidroenergetika sohasini rivojlantirish va butun mamlakat boʻylab elektr taʼminoti ishonchliligini oshirishga qaratilgan yangi loyihani amalga oshirish uchun 150 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni maʼqulladi. Loyiha xususiy sektor, jumladan, mahalliy kichik gidroelektr stansiyalari (KGES) ishlab chiquvchilari va banklar ishtirokida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston hukumati 3 mingga yaqin KGES qurilishiga sarmoya kiritishni va 2026-yilgacha ularning oʻrnatilgan quvvatini 160 MVtga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu 280 ming kishini qoʻshimcha elektr energiyasi bilan taʼminlash imkonini beradi. «Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan va Oʻzbekiston Energetika vazirligi tomonidan 2025-2030-yillarda amalga oshiriladigan yangi loyiha ushbu maqsadga erishishga yordam beradi.
Loyiha 2030-yilga borib umumiy oʻrnatilgan quvvati 150 MVt gacha boʻlgan KGES qurilishini moliyalashtirish imkonini beradi. Ularda yiliga 520 gigavatt-soatdan ziyod ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, loyiha karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 430 ming tonnagacha qisqartirishga yordam beradi.
Hozirgi kunda loyiha doirasida mamlakatning turli hududlaridagi mavjud sugʻorish kanallarida KGES qurish uchun 270 ga yaqin qulay maydonlar oldindan aniqlangan. Ularning aksariyati (93%) 100 dan 1000 kVt gacha quvvat imkoniyatiga ega.
Loyiha doirasida moliyalashtiriladigan KGESlarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan sotib olinadi. U qayta tiklanadigan energiyaning ishonchli manbaiga aylanadi, energiya balansini diversifikatsiya qilish imkonini beradi, energiya bilan kam taʼminlangan hududlar va qishloq joylarda uy xoʻjaliklari va xususiy sektorning elektr taʼminotini yaxshilaydi.