06-08-2025 05:47
Brilliant narxlari tushishda davom etmoqda. Rapaport axborot agentligi hisoblab chiqadigan RapNet Diamond Index (RAPI) ma’lumotlariga ko‘ra, 1 karatli, doira shaklida o‘yilgan, D-H rangli va IF–VS2 tozalik darajasidagi toshlar narxi iyul oyida 1,4% ga pasaydi.
Bu pasayish fevral oyidan beri birinchi marta qayd etildi. Asosiy sabablar sifatida AQSH tomonidan yukori boj to‘lovlari joriy qilinishi mumkinligi, bozorda kam talabga ega toshlar miqdorining ortib ketishi va yozgi mavsumiy sustkashlik keltirib o‘tilmoqda.
Xususan, kichikroq toshlar bozorida pasayish ancha kuchliroq: 0,3 karatli olmoslar narxi 3,3% ga, 0,5 karatlilar esa 4,7% ga tushdi. Eng barqaror narxlar esa 3 karatli toshlarda kuzatildi – bu toifada pasayish 0,3% ni tashkil etdi.
Rapaport’ga ko‘ra, narxlarning pasayishiga AQSH tariflari bo‘yicha noaniqlik sabab bo‘lgan. Yirik chakana savdogarlar sotib olish jarayonlarini kechiktirgan, bu esa ishlab chiqarish hajmi ko‘payishi ortidan zaxira va narxlarga bosim o‘tkazgan.
Prezident Donald Tramp 30 iyul kuni Hindistondan olib kiriladigan brilliantlarga 25%lik boj joriy qilishini e’lon qildi. Bu qarordan so‘ng AQSHdagi dilerlar oy oxirida narxlarni vaqtincha oshirdi.