05-08-2025 07:33
O‘zbekistonda 2024-yil 6-iyundan boshlab kreditlarni ixtiyoriy tarzda taqiqlash xizmati joriy etildi. Kredit-axborot tahliliy markazi (KATM) ma’lumotiga ko‘ra, jami 73 ming nafar fuqaro o‘z nomiga kredit rasmiylashtirishni taqiqlash uchun murojaat qilgan.
Bu xizmat orqali shaxs o‘z xohishiga ko‘ra kredit va qarz shartnomalarini tuzishni taqiqlash yoki qayta ruxsat berish haqida ariza topshira oladi. Qonunga muvofiq, KATM kredit byurosi ushbu arizani olgan zahoti fuqaroni «kreditlashni taqiqlagan shaxslar» ro‘yxatiga kiritishi shart. Ushbu xizmat mutlaqo bepul hisoblanadi.
Ushbu choraning joriy etilishi O‘zbekistonda kiberhujumlar va onlayn qallobliklar ko‘paygani bilan bog‘liq. IIV huzuridagi Kiberxavfsizlik markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2019–2024-yillar oralig‘ida mamlakatda kiberjinoyatlar soni 68 barobarga oshgan. Faqat 2023-yilning o‘zida 58,8 ming huquqbuzarlik ro‘y bergan bo‘lib, ularning 4 foizi boshqa shaxs nomiga noqonuniy kredit rasmiylashtirish bilan bog‘liq.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning 9 oyida fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirish bilan bog‘liq 463 ta firibgarlik holati aniqlangan. Ularning umumiy moddiy zarari taxminan 15 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 4-mart kuni «Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritdi. Endi fuqarolar davlat xizmatlari markazlari, YAIDXP yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri kredit byurosi orqali o‘z o‘ziga taqiq kiritishi yoki bekor qilishi mumkin.
Bank va mikromoliya tashkilotlari kredit berishdan avval shaxsning ushbu ro‘yxatda bor-yo‘qligini tekshirishi shart. Ushbu qoidaga rioya qilmaslik qonuniy javobgarlikka olib keladi. Shaxsning ro‘yxatda borligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar barchaga ochiq va bepul taqdim etiladi.