05-08-2025 06:33
O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchisi Baxtiyor Ibragimov Qozog‘iston Moliya vazirligi huzuridagi Davlat daromadlari qo‘mitasi raisi Jandos Do‘ysenbiyev bilan uchrashdi. Uchrashuv chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi savdo infratuzilmasi va mahsulot tranzitiga oid masalalar muhokama qilindi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi ma’lum qildi.
Tomonlar G‘ishtko‘prik – Jibek Joli hamda Davut-ota – Tajen chegara punktlarini zamonaviylashtirish ishlarini jadallashtirishga kelishib olgan. Ushbu rejalar savdo hajmini oshirish, chegara orqali o‘tuvchanlikni yaxshilash va turistik oqimni ko‘paytirishni ko‘zlaydi.
Shu bilan birga, Sirdaryo viloyatida qurilayotgan Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi yaqinidagi Sirdaryo – Atameken chegara punktida yangi infratuzilma yaratish bo‘yicha loyihalarga ham e’tibor qaratilgan.
Ushbu tashabbuslar doirasida tez buziladigan mahsulotlarning chegara orqali harakatini yengillashtirish uchun «yashil yo‘lak» tizimini joriy etish masalasi muhokama qilingan.