04-08-2025 13:16
Ikki tomon ham kredit limitini oshirish va «Made from U.S. Cotton» tashabbusini ishga tushirish masalasini muhokama qilmoqda.
O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi delegatsiyasi AQSHga tashrifi chog‘ida milliy mahsulotlarni targ‘ib qilish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuvlar o‘tkazdi. Ular orasida AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Paxta assotsiatsiyasi bilan muzokaralar muhim o‘rin tutdi.
Bir qarashda, paxta eksportyori bo‘lgan mamlakatning uni import qilishi paradoks kabi tuyulishi mumkin. Ammo bu — sohaning tubdan transformatsiyasi bilan bog‘liq. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yilda O‘zbekiston paxta eksportni to‘xtatganini va butun hosilni ichki bozorda qayta ishlashga yo‘naltirganini ma’lum qilgan. Paxta-to‘qimachilik klasterlari orqali yuqori qo‘shimcha qiymatli tayyor mahsulot eksportiga o‘tish jarayoni ketmoqda.
Shu bilan birga, ayrim segmentlarda — xususan, premium darajadagi kiyim-kechak va tibbiy to‘qimachilikda — amerikalik paxta xalqaro miqyosda yuqori ishonch sertifikatiga ega. Shu bois O‘zbekiston uni import qilib, qayta ishlab, global bozorlarga «Made from U.S. Cotton» belgisi ostida eksport qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
GSM-102 dasturi esa mamlakatimizda uzoq muddatli va arzon valyuta kreditlariga yetish qiyin bo‘lgan sharoitda strategik xomashyo importini moliyalashtirishning qulay mexanizmi hisoblanadi. O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoati tez sur’atlar bilan o‘sib borayotgani uchun import paxtaga talab ham ortib bormoqda. Bu ham iqtisodiy, ham eksport salohiyatini oshirish uchun muhim qadam bo‘lishi mumkin.