Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida Rossiyaga borib, Rossiya nomidan Ukrainaga qarshi jangda qatnashgan erkakka sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud portalida
ma’lumot keltirilgan.
Sudlanuvchi Z.B. ishlash maqsadida Rossiyaning Novosibirsk shahriga borib, u yerda Internetda "V" xususiy harbiy kompaniyasining e’lonlarini ko‘rgan va pul topish maqsadida ular tomonidan amalga oshirilayotgan Ukraina davlati hududidagi qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etishni rejalashtirgan.
U internetdan "V" XHKning "sall" markazi bilan suhbatlashib, "M" harbiy bazasiga borgan va 240 ming rubl oylik ish haqi evaziga shartnoma tuzgan. Shartnoma shartiga ko‘ra, u Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi Ukraina hududida bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlarda Rossiya tomonidan ishtirok etishga kelishgan.
Moddiy manfaatdorlik evaziga nizolashayotgan Rossiya va Ukraina tomonidan olib borilayotgan harbiy harakatlarida ishtirok etib, Ukraina hududida Rossiya manfaatiga xizmat qilib, jangovar topshiriqlarni bajarib kelgan.
2023 yil 20 sentyabr kuni Rossiyaning Podolsk shahriga olinib kelinib, Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olish taklif qilinganida fuqaroligini olmaganligi uchun "V" harbiy kompaniyasi tomonidan shartnoma bir tomonlama bekor qilinib, harbiy bazadan chiqarib yuborilgani sababli 2023 yil 24 sentyabr kuni Moskva-Toshkent yo‘nalishidagi havo transportida O‘zbekistonga qaytib kelgan.
B.Z.ning Dones Xalq rahbari tomonidan berilgan "Za osvobojdeniye Artemovska" nomli medali ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Sudlanuvchi Z.B. sudda, unga e’lon qilingan ayblovga to‘liq iqrorligini bildirib, u nogiron turmush o‘rtog‘i, onasi, singlisi va uch nafar farzandlari jami yetti kishi ikki xonali uyda yashab kelishlari, u va turmush o‘rtog‘i oshxonada yashab kelishi, oilasida yolg‘iz boquvchi bo‘lgani hamda ishlab pul topib kattaroq uy sotib olish uchun mazkur ishni qilganini bildirgan.
Sud hukmi bilan Z.B. JK 154-moddasining 1-qismida qayd etilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga JKning 57-moddasini qo‘llab, 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.