31-07-2025 08:48
Fox News telekanalining xabar berishicha, FBI rahbari Kesh Patel maxsus xonalardan biriga yashirin qo‘yilgan va yoqib yuborish uchun tayyorlangan soplar orasida minglab maxfiy hujjatlarni topgan.
Hujjatlar maxsus yoqish qutisida saqlangani va ular orasida sobiq maxsus prokuror Jon Daremning yakuniy hisobotiga ilova sifatida tayyorlangan maxfiy ma’lumotlar ham borligi aytilmoqda. Bu hujjatlarda chet el razvedkasi tomonidan yetkazilgan ma’lumotlar ham qayd etilgan.
Fox News manbalariga ko‘ra, mazkur hujjatlar FBI (Federal tergov byurosi)ning Tramp va Rossiya o‘rtasidagi ehtimoliy «maslahatlashuv» haqidagi versiyani targ‘ib qilishdagi roliga oid dalillarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, hali ushbu mavzu keng muhokama bo‘lishidan avval, FBI bu bo‘yicha norasmiy surishtiruvni boshlagani ma’lum qilingan.
Xabarda ta’kidlanishicha, mazkur hujjatlarning ommaviylashuvi AQSH hukumati ichida Hillari Klinton saylovoldi kampaniyasiga yordam berish maqsadida maxsus reja amalga oshirilgani haqidagi gumonlarni kuchaytirishi mumkin.
Iyul oyida CIA (Markaziy razvedka boshqarmasi) ham 2016 yildagi saylovlarga Rossiya aralashuvini baholash jarayonida ko‘plab rasmiy qoidalar buzilganini bildirgan edi. Shuningdek, sobiq FBI rahbari Jeyms Komi va CIAning sobiq direktori Jon Brennanga nisbatan AQSH Adliya vazirligi jinoiy surishtiruv boshlagani haqida ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil mart oyida Donald Tramp Rossiya aralashuvi bo‘yicha FBI yuritgan Crossfire Hurricane surishtiruviga oid barcha hujjatlarni maxfiylikdan chiqarish haqida qaror qabul qilgan edi. Keyinroq bu surishtiruv davomida Tramp va Rossiya o‘rtasida aloqalar mavjudligiga oid dalillar aniqlanmagani e’lon qilingan.