01-08-2025 05:01
Fransiyalik dublyaj ustasi Boris Relinger sun’iy intellekt texnologiyalari dublyaj sohasiga jiddiy xavf tug‘dirayotganini ta’kidladi. Relinger Reuters agentligiga bergan intervyusida sun’iy ovozlar sohaga jiddiy ta’sir o‘tkazayotganini bildirdi.
Aktyor dublyaj bu faqat ovoz berish emas, balki o‘ziga xos jamoaviy ijod ekanini qayd etdi. Uning aytishicha, aktyorlar, tarjimonlar, rejissyorlar va muhandislar birgalikda ishlab, tomoshabinga asl aktyor o‘z tilida so‘zlayotgandek taassurot uyg‘otadi. Relinger “TouchePasMaVF” deb nomlangan harakat orqali inson ovozini asrab qolishni maqsad qilmoqda.
Netflix kabi platformalar dublyajni keng qo‘llamoqda, ayniqsa «Kalmar o‘yini» va «Lyupen» kabi seriallarda. GWI tadqiqotiga ko‘ra, Yevropaning yirik bozorlarida tomoshabinlarning 43 foizi dublyajni subtitrlardan ustun ko‘radi. Bu esa soha ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Tahminlarga ko‘ra, dublyaj bozori 2025-yilda 4,3 milliard dollarga, 2033-yilda esa 7,6 milliard dollarga yetishi mumkin. Lekin bu o‘sish sun’iy intellekt orqali yaratilgan ovozlardan keladigan xavfni kamaytirmayapti. Chunki ular haqiqiyga juda yaqin va arzon hisoblanadi.
Yevropa dublyaj uyushmalari YEIni soha uchun huquqiy himoya mexanizmlarini yaratishga chaqirmoqda. Ular dublyaj sifatini, mualliflik huquqlarini, aktyorlarning ovoz arxivlarini himoya qilishni talab qilmoqda. Gollivudda 2023-yilda aynan shu sabab ish tashlashlar kuzatilgan va sun’iy intellektga cheklovlar kiritilgan edi.