22-07-2025 15:59
Loyihaga ko‘ra, ishonchnoma orqali avtomobildan foydalanishda uni chet davlatga olib chiqish huquqi bor yoki yo‘qligi alohida tarzda ko‘rsatilishi shart bo‘ladi. Bu haqdagi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Hujjat loyihasi avtomobil egalari huquqlarini ishonchli himoya qilish, chetga olib chiqilgan transport vositalari yuzasidan yuzaga kelayotgan huquqiy bahslarni kamaytirish hamda ishonchnoma orqali beriladigan vakolatlarga aniqlik kiritishni ko‘zda tutadi.
Loyihada nima taklif etilmoqda?
2006-yildagi 38-son qarorga qo‘shimcha:
Ishonchnomada: “Avtomototransport vositasini chet elga olib chiqish huquqi mavjud” yoki “mavjud emas” degan yozuv majburiy bo‘lishi taklif qilinmoqda.
2020-yildagi 726-son qarorga o‘zgartish:
Notariuslar ishonchnoma tuzganda ushbu huquq haqida alohida qayd etishlari shart bo‘ladi.
2023-yildagi 613-son qarorga tuzatish:
Elektron ishonchnomalar shaklida ham chetga olib chiqish huquqi mavjud yoki yo‘qligi aniq ko‘rsatilishi talab qilinadi.
So‘nggi yillarda ishonchnoma asosida avtomobildan foydalanish holatlari ko‘paymoqda. Ayrim hollarda esa ishonchnoma orqali berilgan avtomobillar chet elga olib chiqilib, qaytarilmaslik holatlari kuzatilmoqda. Hujjatda keltirilgan statistikaga ko‘ra, 2024-yilda 50 ga yaqin fuqarolarga tegishli transport vositalarining olib chiqilib, qaytarilmagani aniqlangan. 2025-yil iyun oyining o‘zida 8 ta shunday holat qayd etilgan. Loyiha shu kabi mojarolarning oldini olishga qaratilgan.