Chexiya sudi bergan
maʼlumotga koʻra, Mahmud Murodov uyushgan jinoyatchilar bilan doimiy aloqa oʻrnatgani sabab mamlakat aholisiga xavf soladi. Aynan shu sabab bilan sportchiga Chexiyada doimiy istiqomat qilish mumkin boʻlmaydi.
MMA jangchisi Chexiyada istiqomat qiluvchi toʻrt yashar qizini tarbiyalash va janglarga tayyorgarlik koʻrish imkoniga ega edi.
34 yoshli Murodov Chexiyaga ilk bor 2011-yilda kelgan. Chex matbuotining xabar berishicha, Boshpana va migratsiya siyosati departamenti may oyida Murodovning Chexiyada vaqtincha yashash uchun topshirgan arizasiga rad javobini bergan.
Murodov departament qaroriga javoban sudga daʼvo arizasi kiritgan, ammo bu ish ham oʻzbekistonlik foydasiga hal boʻlmadi.
Sud aybloviga koʻra, Mahmud Murodov Bolqon uyushgan jinoiy guruh aʼzolari bilan aloqada boʻlgan. Mahmud Murodov ushbu ayblovni inkor etadi.
“Men mafiya bilan hamkorlik qilmayman, mafiyadan hech kimni tanimayman ham. Na chex, na Bolqon, na rus, na yaqin sharqdagilarni. Politsiya yoki vazirlik mening kim bilan aloqada ekanimni aytsin. Bunga tushuntirish beraman”, degan Murodov.
“U ommaviy axborot vositalarida taniqli shaxs, uning butun dunyo boʻylab millionlab muxlislari bor. Koʻpchilik u bilan suratga tushishni yoki turli tadbirlarga taklif qilishni xohlaydi. Uning bunday tadbirlarda qatnashishga haqi bor. Oʻsha kishilarning nima bilan shugʻullanayotgani yoki bu jinoyatchi shaxs ekanini bilish imkonsiz”, deydi sportchining advokati.
Murodov koʻpi bilan besh yil muddatga olinadigan vaqtinchalik propiska uchun ariza bergan edi. Sud hukmidan keyin u Chexiyani tark etishi kerak. Bundan buyon u mamlakatda viza asosida qolishi mumkin boʻladi, bu unga Chexiya Respublikasida olti oy davomida maksimal 90 kun boʻlish imkonini beradi. Bu muddat tugasa, u mamlakatni tark etishi kerak. Sportchi xohlagan vaqtda yuqorida koʻrsatilgan viza boʻyicha yana sayohat qilishi mumkin boʻladi.
Maʼlumot uchun, Murodov hozirda Octagon MMA bilan shartnoma imzolangan va sentyabrda boʻladigan jang uchun Chexiyada tayyorgarlik koʻrayotgan edi, endi u mashgʻulotlarni Polshada davom ettiradi.