22-07-2025 09:48
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyun oylarida YAIM 7,2 foizga o‘sgan. Bu o‘tgan yilning shu davrida qayd etilgan 6,6 foizlik ko‘rsatkichdan ancha yuqori. Shu bilan birga, inflyatsiya darajasi 4,2 foizni tashkil etdi, bu esa o‘tgan yilgi 5,2 foizdan past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Aholining real umumiy daromadlari esa o‘tgan yilning shu davridagi 11,9 foiz o‘rniga 9,5 foizga o‘sgan. Bu esa daromadlar o‘sishi sur’ati sekinlashayotganini ko‘rsatadi. Iqtisodiyotdagi o‘sishga qaramay, bu ko‘rsatkich aholi farovonligida birmuncha salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Sanoat sohasida esa jismoniy hajm indeksi 6,6 foizni tashkil etdi, bu 2024-yilning shu davridagi 7,8 foizlik ko‘rsatkich bilan solishtirilganda pasayishni anglatadi. Qurilish sohasida esa barqaror o‘sish kuzatilmoqda — 10,1 foiz o‘rniga 10,7 foiz.
Qishloq xo‘jaligi, o‘rmon va baliqchilik sohalarida 4 foizlik o‘sish qayd etilgan bo‘lsa, chakana savdo 9,7 foiz, chakana xizmatlar 13,3 foiz va yo‘lovchi tashish 6 foizga o‘sgan. Biroq yuk tashish hajmi sezilarli darajada pasayib, 4 foiz o‘rniga 1,8 foizni tashkil etdi.
Tashqi savdo aylanmasi 16,1 foizga oshgan. Eksportdagi o‘sish 6,2 foizdan 29,2 foizgacha ortgan, bu esa asosan oltin va xizmatlar eksporti hisobiga sodir bo‘lgan. Import hajmida esa o‘sish 7 foizni tashkil etgan — bu o‘tgan yilga nisbatan ancha sekin sur’atdagi o‘sish hisoblanadi.