06-11-2025 10:20

Ma’lumotlarga ko‘ra, mol go‘shti narxi besh oydan buyon o‘sib bormoqda. Oktyabr oyida narx sentyabrga nisbatan 3 foizga, 2024-yilning shu davriga nisbatan esa 17 foizga oshgan. Natijada bir kilo go‘shtning narxi 7,1 dollarga yetib, 1960-yildan buyon kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan.
Mutaxassislar bu holatni sut sanoatidagi raqobat bilan izohlamoqda. Sut mahsulotlari narxining oshishi go‘sht yetishtirish uchun boqiladigan qoramollar soni kamayishiga olib kelgan. AQSHda mol go‘shti importiga bo‘lgan talabning oshgani ham narxga ta’sir ko‘rsatgan. Dunyoning eng yirik ishlab chiqaruvchisi va iste’molchisi hisoblangan AQSH 2025-yilda o‘z ishlab chiqarish hajmining kamayishiga duch keldi.
AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi prognozlariga ko‘ra, 2025-yilda mol go‘shti ishlab chiqarish 12,2 million tonna, eksport esa 1,2 million tonnani tashkil etadi. Bu 2024-yilga nisbatan mos ravishda 1 va 11 foizga kam. Asosiy sabab — ichki bozorda ozuqa tanqisligidir.
Bundan tashqari, bu yil Yevropa Ittifoqida (−1 foiz) va Argentinada (−3 foiz) ham ishlab chiqarishning qisqarishi kutilmoqda. Bu hududlarda rentabellikning pastligi hamda noqulay ob-havo sharoitlari chorva sonining kamayishiga olib kelgan.
