YTHda “Vostok” avtomagistralining 375 km.da “Qozogʻiston-Moskva” yoʻnalishida harakatlangan Hyundai mikroavtobusi va KІA serato mashinasi toʻqnashgan.
Mazkur avariya oqibatida 7 nafar Oʻzbekiston fuqarosi voqea joyida halok boʻlgan. Jabrlanganlarga voqea joyida yordam koʻrsatish maqsadida tez tibbiy yordam vertolyoti jalb qilingan.
YTHda Atoyev Azim Axrorovich (1992-yilda tugʻilgan, Buxoro viloyati Romitan tumanida yashagan), Abdullayev Ikrombek Sadullayevich (1983-yilda tugʻilgan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida yashagan), Akimniyazov Xasen Ubaydullayevich (1986-yilda tugʻilgan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida yashagan), Nazarov Zafarbek Ilhomiddin oʻgʻli (1993-yilda tugʻilgan, Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashagan), Nomozov Zarif Normamatovich (1981-yilda tugʻilgan, Samarqand viloyati Narpay tumanida yashagan), Mahmudova Hakimaxon Shermaxammatovna (1978-yilda tugʻilgan, Andijon viloyati Jalaquduq tumanida yashagan), Tulyakov Sadriddin Saʼdullayevich (1973-yilda tugʻilgan, Navoiy viloyati Karmana tumanida yashagan) halok boʻlgan.
“Oddiy oilaning oddiy bolasi edi. Ortida 3 nafar farzandi qoldi. Kichik qizi hali 2 oylik chaqaloq edi, koʻrmay ketdi. Bu ota-onasi uchun ogʻir musibat boʻldi”, deydi marhum Azim Atoyevning Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan yaqini.
YTH oqibatida Abduraxmonov Abrorbek Bahodir oʻgʻli (2005-yilda tugʻilgan, Surxondaryo viloyati Uzun tumanida yashaydi), Usmonova Maharramxon Tolibjon qizi (1991-yilda tugʻilgan, Andijon viloyati Andijon tumanida yashaydi), Umbarov Ulugʻbek Yangiboyevich (1967-yilda tugʻilgan, Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumanida yashaydi) turli darajada tan jarohati olgan. Ular Viksa shaharchasidagi tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan.
Protsess.uz tahririyati avtohalokat qurbonlarining yaqinlariga sabr, jarohatlanganlarga esa sogʻlik tilaydi.