04-07-2025 07:59
2022-2024-yillar oralig‘ida Qirg‘izistonda aholi jon boshiga daromad qariyb ikki barobarga oshdi. – Bu Markaziy Osiyodagi eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi. Bu haqda Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisobotida qayd etilgan.
Hisobotda keltirilishicha, Qirg‘izistonda so‘nggi uch yilda iqtisodiy o‘sish har yili 9 foizdan bo‘lgan. Jon boshiga daromadlar esa 85 foizga o‘sib, 2 500 dollarga yetgan. Taqqoslash uchun, bu davrda jon boshiga daromad Tojikistonda 49 foizga, Qozog‘istonda 42 foizga, O‘zbekistonda 37 foizga oshgan.
XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda joriy yilning birinchi choragida o‘sish yanada tezlashib, 13,1 foizga yetgan. Yil yakunida umumiy o‘sish 6,8 foizni tashkil etishi, o‘rta muddatli istiqbolda esa bu ko‘rsatkich 5,25 foizgacha sekinlashishi prognoz qilinyapti.
O‘zbekistonlik iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning e’tibor qaratishicha, agar Qirg‘izistonda iqtisodiy o‘sish shunday sur’atlarda davom etsa, mamlakat 2027-yilga borib aholi jon boshiga daromadlar bo‘yicha O‘zbekistondan o‘tib ketadi.
“Agar so‘nggi uch yildagi (dollardagi) o‘rtacha o‘sish davom etsa, unda Qirg‘iziston 2026-yilda jon boshiga daromad bo‘yicha mamlakatimizga deyarli yetib oladi, 2027-yildan esa o‘rtacha qirg‘izistonlik o‘rtacha o‘zbekistonlikdan boyroq bo‘ladi. 2030-yilga borib Qirg‘izistonda jon boshiga daromad O‘zbekistonga nisbatan 1,5 barobarga yuqoriroq bo‘lishi mumkin”, deya yozdi u. Qattiqqo‘l hokimiyat va urush effekti
O‘zbekistonlik boshqa bir taniqli iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, qo‘shni respublikadagi keskin iqtisodiy ko‘tarilishning asosiy omili – qayta markazlashtirish siyosatidir.
“Qirg‘izistonda daromadlar o‘sishi tezlashgani ko‘p omillarga bog‘liq. Ulardan muhimi – 2021-yilda hokimiyatga kelgan Japarov va Tashiyev ma’muriyati yuritayotgan qayta markazlashtirish siyosati.
Yangi qattiqqo‘l hokimiyat byudjet, soliq va bojxona teshiklarini yopdi, qo‘ldan chiqqan kon va aktivlarni milliylashtirdi, kriminal avtoritetlarni yo‘q qildi. Ya’ni 30-yillik anarxiyaga barham berildi, tarqoqlik o‘rnini siyosiy, iqtisodiy, moliyaviy konsentratsiya egallay boshladi, davlat kuch ishlatish monopoliyasini o‘ziga qaytardi. Tabiiyki, mamlakat byudjeti 4-yilda 3 karra oshdi, davlat ijtimoiy funksiyasini bajara boshladi.
Lekin bu jarayon qancha davom etadi, juda savolli. Japarov Qirg‘izistoni Karimovning 90-yillar o‘rtasidagi xatosini takrorlasa, ya’ni qattiqlashuvni davom ettirsa, o‘sish sekinlashadi. Iqtisodiyot anarxiyada kengaymaydi, lekin diktaturada ham, agar bu nepotizm va kleptokratik belgilar bilan yuz bersa, o‘sish sekinlashadi, vaqt o‘tib to‘xtaydi”, deya yozdi iqtisodchi.
Bakirovning qo‘shimcha qilishicha, Qirg‘iziston Rossiyaga nisbatan kiritilgan sanksiyalardan ham “unumli” foydalanyapti. “YEOIIning a’zosi sifatida, aytish mumkinki, Qirg‘iziston Rossiya uchun parallel importning muhim xabiga aylandi. Gruziyadan tortib Yevropagacha marshrutlarda, avtomobillardan tortib texnika va uskunalarning Qirg‘izistonga import qilinib, Rossiyada qo‘nim topishi oxirgi yillarda hech kimni hayron qoldirmay qo‘ydi. Agarda AQSHda demokratlar g‘olib bo‘lganida, ikkilamchi sanksiyalar qo‘llanadigan birinchi davlat Qirg‘iziston bo‘lishi mumkin edi. Nima bo‘lgandayam, qardoshlar 3-yil davomida o‘ta ustamonlik bilan vaziyatdan foydalanishdi, urushning tumanlari ularni benefitsiarga aylantirdi. Lekin bu omil uzoqqa cho‘zilmasligi tobora oydinlashyapti.
Shunday ekan, Qirg‘iziston daromadlar borasida O‘zbekistonni quvib o‘tishi mumkin, lekin buning uchun qardoshlar qanaqadir yangi impulsni topa olishlari kerak bo‘ladi. Mayli, bu qo‘shnilarning ishi. Biz o‘zbekistonliklar esa nima uchun daromadlarning o‘sish sur’atida Qozog‘istondan yana ortda qolayotganimiz haqida o‘ylashimiz kerak”, deya xulosa qildi Otabek Bakirov.