03-07-2025 14:07
O‘zbekiston Prezidenti Fuzuliy shahriga tashrif buyurdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi doirasida Ozarbayjonning Fuzuliy shahriga keldi.
Prezidentni shahardagi xalqaro aeroportda Ozarbayjon madaniyat vaziri Odil Kerimli hamda boshqa rasmiylar tantanali ravishda kutib oldilar.
Mazkur shahar buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Muhammad Fuzuliy nomi bilan ataladi. U mamlakatning janubi-g‘arbiy hududida, tarixan Qorabog‘ mintaqasining “janubiy darvozasi” sanalgan joyda joylashgan.
2020-yildan boshlab Fuzuliy shahri va tumanida keng ko‘lamli tiklash va qayta qurish ishlari boshlangan. 2021-yilda foydalanishga topshirilgan Fuzuliy xalqaro aeroporti — ushbu dasturning muhim loyihalaridan biri bo‘ldi. Shuningdek, shaharda zamonaviy turar joylar, sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalari, infratuzilma obyektlari barpo etildi va yangilari qurilmoqda.
2023-yil avgust oyida ikki davlat rahbarlari tomonidan O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Fuzuliy shahrida ochilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi zamonaviy maktab ikki xalq o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik ramzi sifatida qad rostlagan edi.