Hujjat bilan Uy-joy kodeksi, Shaharsozlik kodeksi va “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar
kiritilmoqda.
Uy-joy kodeksida “hech kim sudning qaroriga va qonunga muvofiq boʻlmagan holda oʻz uy-joyidan mahrum qilinishi mumkin emas” deb belgilandi.
“Qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oʻz uy-joyidan mahrum boʻlgan mulkdorga uy-joy qiymati va unga yetkazilgan zararning oldindan va teng miqdorda qoplanishi taʼminlanadi,” — deyiladi yangilangan hujjatda.
Bu normalar oʻtgan yili yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaning 47-moddasida oʻz aksini topgan.
Shuningdek, Uy-joy kodeksida uy-joyning tashqi koʻrinishini oʻzgartirish, qayta qurish yoki buzish shaharsozlik qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilishi belgilanmoqda. Ilgari bunday harakatlarga hokimliklarning tegishli ruxsati mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyilishi koʻrsatib oʻtilgan edi.
Shaharsozlik kodeksiga zilzilabardosh hududlarda bino va inshootlarni loyihalash va qurishda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirishni taqiqlovchi yangi norma kiritilmoqda.
Iqlim oʻzgarishi natijasida yildan yilga xavfli gidrometeorologik va geologik jarayonlar kuchayib, sel, koʻchki va suv toshqinlariga olib kelayotgani ham shaharsozlik talablarini kuchaytirishni taqozo etmoqda, deb taʼkidlandi Senatning 18-may kuni boʻlib oʻtgan majlisida.
1991-yil may oyida Toshkent viloyati Angren tumani Jigariston qishlogʻida koʻchki tufayli qishloqning koʻchkiga uchragan qismi 20 m gacha qalinlikdagi tuproq bilan qoplangan, 56 kishi halok boʻlgan.
2022-yil aprel oyida Namangan viloyati Pop tumanida “Oʻsh A-373 M-39 Guliston — Boʻka — Angren — Qoʻqon — Andijon” avtomobil yoʻlining “Qamchiq” dovonining 225-kilometrida qurilgan “Kavsar” oshxonasiga kelib tushgan koʻchki oqibatida ikki fuqaro halok boʻlgan edi.
Shu oyda Jizzax viloyati Forish tumani “Egizbuloq” mahallasida sel oqimi oqibatida 5 nafar fuqaro halok boʻlgan, 6 kishi jarohatlangan va sel oqimi yoʻlida joylashgan 22 ta uyga zarar yetgan (shu bilan birga, 9 ta uyga kadastr hujjatlari berilgan).
Birlashgan Millatlar Tashkilotining yetarli uy-joyga boʻlgan huquq masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Balakrishnan Rajagopal bir kun avval Oʻzbekistonga tashrifi yakunlari boʻyicha mamlakatda shaharlarni yangilash boʻyicha misli koʻrilmagan loyihalar amalga oshirilayotgani, ularning davomida baʼzan butun boshli kvartallar buzilayotganini aytdi. Biroq, koʻpincha bu shaharsozlik sohasida yetarli huquqiy asosga ega boʻlmasdan sodir
boʻladi.