09-09-2025 11:08
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasi bo‘yicha 9 sentyabr kungi selektorda yoshlarni kasbga o‘qitish masalalariga to‘xtaldi.
“Meni tashvishga solayotgan masala – yoshlarimizni kasb-hunarli qilib, doimiy daromad topishi uchun sharoit yaratish. Agar buni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysak, mahallada kambag‘al va ishsiz qolmaydi”, – dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi davomida energetika, geologiya, kimyo, transport, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi o‘nlab yirik kompaniya rahbarlari bilan 35 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar paketi shakllantirildi.
Bunday loyihalar uchun texnologiyalar va xitoy tilini yaxshi biladigan minglab kadrlar kerakligi ta’kidlandi. Kasbga o‘rgatishda Xitoy tajribasini joriy etish maqsadida har bir viloyatda 2 tadan “O‘zbekiston – Xitoy ustaxonasi”ni tashkil qilish topshirildi.
Oliygoh, texnikum va maktablarda xitoy tilini o‘qitish maqsadida 100 dan ziyod til egalari va volontyorlar taklif qilinadi.
“Bizda 450 ming o‘quvchini qabul qila oladigan 598 ta texnikum bor. Bu yoshlar uchun juda katta resurs, sharoit va imkoniyat. Lekin bu yil 9-sinfni 608 ming o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, ularni atigi 182 ming nafari texnikumlarga boryapti. Bugundan boshlab bir yil yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘ladi”, – dedi prezident.
Mutasaddilar zimmasiga viloyat va tuman hokimlari bilan birgalikda Prezident va ixtisoslashgan maktabda orttirilgan tajriba asosida joriy yilda 598 ta texnikumga xalqaro standart bo‘yicha zamonaviy kasbga o‘qitish muhitini olib kirish vazifasi qo‘yildi.
Umuman, viloyat va tuman hokimlariga kelgusi o‘quv yilida 9-sinf bitiruvchilarining kamida 50 foizini, hozirgiga qo‘shimcha yana 200 ming o‘quvchini texnikumga qamrab olish topshirildi.
Bu ishlarni yagona siyosat asosida olib borish uchun Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinadi.
Joriy yildan boshlab oliygohlarda qabul kvotalarini investitsiya loyihalarida kadrlarga bo‘lgan talabdan kelib chiqib shakllantirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Endilikda investor buyurtmasi bilan texnikumlarda ham kadrlar maqsadli tayyorlanadi. Investor so‘roviga asosan texnikumdagi ta’lim dasturlarini 30 foizgacha o‘zgartirish mumkin bo‘ladi.
Texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan korxonalarga imtiyozli kredit ajratiladi.
Shu bilan birga, tarmoq uyushmalari o‘zlariga a’zo ish beruvchilarning malaka talablarini tayyorlab bera olmayotgani, oqibatda korxona ham zarar ko‘rayotgani, texnikumlar ham nimani o‘qitishni bilmayotgani bo‘yicha e’tiroz bildirildi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha yangi agentlik bilan birgalikda tarmoqlardagi korxonalar uchun kerakli kasblar kesimida standart va talablarni ishlab chiqish topshirildi.