09-09-2025 10:33
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi harbiy va idoraviy formaga o‘xshash kiyim-boshdan foydalanganlik uchun javobgarlik belgilovchi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Tashabbus huquqbuzarliklarning oldini olish hamda davlat organlariga ishonchni saqlash maqsadida ishlab chiqilgani qayd etilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi modda kiritilib, matosi, rangi va belgilari jihatidan harbiy yoki idoraviy formaga o‘xshash kiyim-boshni joriy etish yoki kiyib yurish taqiqlanadi. Bu holat aniqlansa, aybdor shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima to‘laydi.
Shuningdek, huquqqa ega bo‘lmagan shaxsning harbiy xizmatchi yoki idora xodimlariga tegishli rasmiy formani kiyishi uchun ham jazo belgilanmoqda. Bunday holatda formani musodara qilish bilan birga ikki baravardan besh baravarigacha jarima qo‘llanishi mumkin.
Qonun loyihasi jinoyat kodeksiga ham o‘zgarish kiritishni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, hokimiyat vakilining xizmat kiyimi yoki hujjatlaridan foydalangan holda jinoyat sodir etish og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanadi.
Ayni vaqtda amaldagi tartibga ko‘ra, faqat tasdiqlangan rasmiy forma elementlarini aynan takrorlagan shaxslar javobgarlikka tortilgan. Yangi norma esa hatto o‘xshash shakldagi formani kiyishning o‘zi ham jazoga olib kelishini belgilamoqda.
Loyiha mualliflarining ta’kidlashicha, bunday kiyimdan foydalanish orqali shaxslar turli huquqbuzarliklarni, shu jumladan og‘ir jinoyatlarni oson amalga oshirishi mumkin. Bu esa aholi orasida davlat organlariga ishonchni susaytiradi hamda ularning nufuziga putur yetkazishi mumkin.